Abdulla Qahhor

Abdulla Qahhor
Tavalludi 17-sentyabr 1907-yil
Fargʻona
Vafoti 25-may 1968-yil(1968-05-25)
(60 yoshda)
Moskva
Fuqaroligi Podsho Rossiyasi Turkiston Muxtoriyati,
SSSR
Sohasi yozuvchi
Institutlar Oʻrta Osiyo davlat universiteti (1926–1930-yillar)
Mashhur ishlari „Sarob“ (1934), „Sinchalak“ (1958), „Oʻtmishdan ertaklar“ (1965)
Mukofotlari

Abdulla Qahhor (1907-yil 17-sentyabrda Qoʻqon–1968-yil 25-mayda, Moskva ) — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1967). Temirchi oilasida tugʻilgan. Bolaligi Qoʻqon va uning atrofidagi qishloqlarda oʻtdi. Oqqoʻrgʻon qishlogʻidagi Mamajon qorining usuli savtiya maktabida tahsil koʻrdi. Oilasi Qoʻqonga koʻchib kelgach „Istiqlol“ nomli shoʻro maktabiga oʻqishga kiradi, undan keyin internat, „Kommuna“, „Namuna“ maktablarida, soʻng bilim yurtida tahsil koʻradi. Bilim yurtining „Adib“ qoʻlyozma jurnalida dastlabki mashqlari bilan qatnashadi. Toshkentdagi „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasi tahririyatining „Ishchi-batrak maktublari“ varaqasiga muharrirlik qildi (1925). U gazetada ishlash jarayonida Oʻrta Osiyo davlat universitetining ishchilar fakultetini tamomlaydi (1928). Abdulla Qahhor yana Qoʻqonga borib, dastlab oʻqituvchilarni qayta tayyorlash kursida muallimlik qiladi; koʻp oʻtmay „Yangi Fargʻona“ viloyat gazetasiga kotib va „Chigʻiriq“ hajviy boʻlimiga mudir etib tayinlanadi (1929). Abdulla Qahhorning „Oy kuyganda“ ilk hajviy sheʼri „Mushtum“ jurnalida Norin shilpiq taxallusi ostida bosildi (1924). Soʻng uning bir qancha hajviy sheʼr va hikoyalari „Mushtum“, „Yangi yoʻl“ jurnallari va „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasida Mavlon kufur, Gulyor, Nish, Erkaboy, E-voy kabi taxalluslar ostida eʼlon qilindi. Abdulla Qahhor 30-yillarda yana Toshkentga qaytadi va Oʻrta Osiyo davlat universitetining pedagogika fakultetiga oʻqishga kiradi (1930), ayni paytda „Sovet adabiyoti“ jurnalida mas’ul kotib vazifasini bajaradi. Oʻzdavnashrda muharrir va tarjimon (1935–1953). 1954–1956-yillarda Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi boshqaruvining raisi. Abdulla Qahhor umrining oxirlarida davolanish uchun Moskvaga boradi va oʻsha yerda vafot etadi. Toshkentdagi Chigʻatoy qabristoniga dafn etiladi.


Developed by StudentB