Maydoni | 30,221,532 km2 |
---|---|
Aholisi | 1,032,532,974[1] (2011) |
Aholi zichligi | 30.51/km2 |
Etnoxoronim | afrikalik |
Vaqt mintaqalari | UTC-1dan UTC+4gacha |
Afrika – kattaligi va aholi soni boʻyicha dunyoning ikkinchi qitʼasi. Afrika qitʼasi shu nomdagi materik va unga tutash orollardan iborat. Qadimgi finikiyaliklar „afarik“ soʻzi bilan Karfagendan gʻarbda yashovchi qabilalarni ataganlar („afar“ soʻzi finikiyaliklar tilida „chang“ maʼnosini anglatgan). Rimliklar Karfagen va uning atroflarini bosib olganlaridan soʻng bu hududga Afrika nomini berdilar. Keyinchalik esa bu nom butun materik va qitʼaga nisbatan qoʻllana boshlagan. Afrikaning orollar bilan birgalikdagi maydoni 30,3 mln. km2 ni tashkil etadi. Afrikaning oʻrtasidan ekvator chizigʻi, gʻarbidan esa bosh meridian oʻtgan. Shu tufayli Afrika ham Shimoliy, ham Janubiy, ham Sharqiy, ham Gʻarbiy yarim sharlarda joylashgan Afrika qirgʻoqlari shimolda Oʻrta dengiz, shimoli-sharqda Qizil dengiz, sharqda Hind okeani, gʻarbda Atlantika okeani suvlari bilan yuviladi. Qizil dengiz, Suvaysh kanali va Bob-al-Mandob boʻgʻizi Afrikani Osiyodan, Oʻrta dengiz va Gibraltar boʻgʻizi esa Yevropa qitʼasidan ajratadi. Afrika qitʼasi orol va yarimorollar ozligi bilan ajralib turadi. Uningtarkibiga Hind okeanidagi Madagaskar (sayyoramizdagi orollar orasida maydoni jihatidan 4-oʻrinda turadi), Maskaren, Komor, Seyshel orollari, Atlantika okeanidagi Yashil burun, Kanar, San-Tome va Prinsipi, Avliyo Yelena va boshqa orollar kiradi. Yagona yirik yarimoroli Somali hisoblanadi. Afrikaning hozirgi siyosiy xaritasida 54 ta mustaqil davlat mavjud. Qitʼa siyosiy xaritasining shakllanish tarixi oʻziga xos xususiyatlarga ega. Buyuk geografik kashfiyotlar davridan boshlab Afrikaning aksariyat hududlari Yevropa davlatlarining mustamlakalariga aylandi. XX asrning boshiga kelib Afrikada faqatgina 2 ta mustaqil davlat qolgan edi: bir necha ming yillik davlatchilik tarixiga ega Efiopiya hamda 1847-yil AQSHning yordamida barpo etilgan Gʻarbiy Afrikadagi Liberiya davlati. Qitʼaning qolgan hududi esa Buyuk Britaniya, Fransiya, Portugaliya, Belgiya, Germaniya, Italiya va Ispaniya tomonidan oʻzaro boʻlib olingan edi. Afrika davlatlari 1950-yillarda mustaqillikka erishisha boshladi. 1960-yil BMT tomonidan „Afrika yili“ deb eʼlon qilinib, shu yil qitʼadagi 17 ta mamlakat mustaqillikka erishdi va jahon hamjamiyati tomonidan tan olindi. Koʻplab mamlakatlari 1960–1980-yillar mobaynida davlat mustaqilligini qoʻlga kiritdi. Qitʼadagi eng yosh davlatlar – 1990-yilda mustaqillikka erishgan Namibiya, 1993-yilda Efiopiyadan ajralib chiqqan Eritreya va 2011-yilda mustaqilligini eʼlon qilgan Janubiy Sudan hisoblanadi. Afrikadagi koʻplab davlatlarning chegaralari mustamlakachilik davrida shakllangan boʻlib, aksariyat hollarda tabiiy va etnik chegaralarga mos kelmaydigan sunʼiy koʻrinishga ega. Buning taʼsirida haligacha qitʼada turli harbiy mojarolar va davlat toʻntarishlari tez-tez sodir boʻlib turadi. Afrika siyosiy xaritasining oʻziga xos jihatlaridan biri yirik maydonli davlatlarning koʻpligidir. Jahondagi hududi 1 mln. km2 dan katta boʻlgan 29 ta davlatdan 12 tasi Afrikada joylashgan (Jazoir, KDR, Sudan, Liviya, Chad, Niger, Angola, Mali, JAR, Efiopiya, Mavritaniya, Misr). Jahon boʻyicha mavjud boʻlgan maydoni 1 ming km2 dan oshmaydigan 24 ta davlatdan atigi 1 ta – Seyshel orollari – Afrikaga tegishli. Afikada jami 6 ta orol mamlakatlari joylashgan. Ular Madagaskar, Kabo-Verde, Komor orollari, Mavrikiy, San-Tome va Prinsipi hamda Seyshel orollaridir. Dengizlarga chiqish imkoniyati yoʻq davlatlar soni boʻyicha Afrika qitʼalar orasida yetakchilik qiladi. Afrikada quruqlik ichkarisida joylashgan jami 16 ta davlat mavjud. Ularning qatorida Chad, Niger, Mali, Efiopiya, Zambiya, Botsvana, Janubiy Sudan kabi yirik davlatlar bor. Efiopiya jahonning quruqlik ichkarisida joylashgan 44 ta davlatlar orasida aholi soni boʻyicha yetakchisi hisoblanadi. Afrika davlatlaridan 51 tasi respublika, 3 tasi (Marokash, Svazilend (Esvatini), Lesoto) monarxiya boshqaruv shakliga ega. Maʼmuriy-hududiy jihatdan Afrikadagi 6 ta davlat – Nigeriya, Efiopiya, Sudan, Janubiy Sudan, Somali, Komor orollari – federativ tuzilishga ega. Afrika davlatlari boy va xilma-xil tabiiy resurslari, ayniqsa, mineral boyliklari bilan ajralib turadi. Neft va tabiiy gaz zaxiralariga Nigeriya, Jazoir, Liviya, Angola, Gabon, Kongo davlatlari boy. Qitʼada eng katta koʻmir zaxiralari bilan JAR ajralib turadi. JAR, Namibiya, Botsvana, Zambiya, KDR, Niger va boshqa koʻplab Afrika davlatlari rangli, qimmatbaho va radioaktiv metallar, olmosning yirik konlari bilan mashhur. Afrikada keng tarqalgan tabiat zonalari savanna, chalachoʻl, choʻl hamda nam ekvatorial oʻrmonlar hisoblanadi. Shimoliy Afrikada sayyoramizdagi eng yirik choʻl – Sahroyi Kabir joylashgan. Uning janubiy chegarasi boʻylab choʻzilgan Saxel deb ataluvchi chalachoʻl xususiyatli tabiiy geografik oʻlka jahon boʻyicha aholisi va qishloq xoʻjaligi choʻllashish jarayonidan eng jiddiy zarar koʻrayotgan hudud hisoblanadi. Saxel Sudan, Chad, Niger, Mali, Mavritaniya kabi davlatlar hududini qamrab oladi .