Araxosiya – Afgʻonistondagi qadimgi viloyat. Tarkibiga Argʻindob, Argaston daryolari havzasi va Gʻazni atrofi kirgan. Markazi hozirgi Qandahor shahri atrofida boʻlgan. Araxosiyo oʻz davrida axomaniylar, Iskandar Maqduniy (qarang Aleksandr), salavkiylar, mauriyalar, Baqtriya, Parfiya, Kushon podsholari qoʻl ostida boʻlgan. Ayrim yunon, sak va Parfiya podsholari Araxosiyoda mustaqil mulk barpo etib, Araxosiyoning asosiy shaharlari – Aleksandriya Araxosiya va Aleksandropolda tanga pullar zarb etishgan. 1958-yil Araxosiyo hududida, Qandahor yaqinida Ashokannng yunon-oromiy yozuvi topilgan.