Davlat

Davlatjamiyatning oliy siyosiy instituti boʻlib, shu jamiyat yashayotgan mamlakat fuqarolari manfaatini himoya qilish uchun oʻrnatiladi. Davlatlar mamlakat chegaralarini himoya qiladi, boshqa mamlakatlar bilan aloqada boʻladi, qonunchilik bilan shugʻullanadi va hokazo. Mamlakat miqyosida jamiyatni uyushtirish masalalarini hal qilib, uning tashqi munosabatlarini belgilash vakolatlari boʻlgan hukmron tuzilma hisoblanadi. Davlat jamiyatni oʻz qonun-qoidalariga koʻra idora qiladi, turli tip, shakllarda tashkil topadi. Davlat toʻgʻrisidagi nazariya huquqshunoslikning muhim sohasi hisoblanadi. Davlat va uning kelib chiqishi, rivojlanish bosqichlari, mohiyat va vazifalari haqida turlicha fikrlar mavjud.

Davlat masalasi haqidagi qarashlar, taʼlimotlar. Davlat hokimiyati hamda huquqiy hayot hodisalari barcha zamonlarda alohida dolzarblik kasb etib kelgan. Davlat toʻgʻrisidagi ilk tushuncha va qarashlar miloddan avvalgi taxminan 4-3-ming yilliklarda Misr, Mesopotamiya, Hindiston, Xitoyda paydo boʻlgan. Ular asosan diniy-mifologik xarakterda edi. Avesto taʼlimotiga koʻra, hokimiyat, haqiqat, adolatlilik 3 axloqiy-huquqiy asosga: ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amalga tayanadi. Davlatning vazifasi yovuzlikka qarshi yaxshilik, tinchlik va insonlarning baxtli-saodatli hayotini taʼminlashdir. Islom dini taʼlimoti boʻyicha, Allohning Oʻzi oliy qonun sohibi. Uning talablari, koʻrsatmalari paygʻambarlar orqali insonlarga yetkaziladi. Davlat boshliqlari — podsholar, xonlar Xudoning Yerdagi soyasi, vakili hisoblanadi.

Diniy-mifologik taʼlimotlar bilan birga, keyinchalik davlat toʻgʻrisidagi dunyoviy qarashlar, gʻoyalar rivojlandi. Bunda Platon, Aristotel, Forobiy, Beruniy, J.J.Russo, G.Grotsiy, Spinoza, Lokk, Monteskye, Kant, Jefferson va boshqalar katta hissa qoʻshdilar. Bugungi dunyoviy davlatlarda ana shu mutafakkirlar taʼlimotlari muayyan darajada oʻz aksini topgan. Aristotel ham, Forobiy ham insonlar hayotiy zarur masalalarni yechishda va oʻz ezgu orzulariga erishishlarida tabiat insonga ato etgan huquqlar (dunyoga kelish, yashash, oila qurish va hokazo) asosida davlatga birlashadilar, deb hisoblagan. Davlatga jamiyatda tinchlikni, tartibni taʼminlovchi, jamiyatni idora qiluvchi hokimiyat sifatida qaragan. "Davlat — huquqqa rioya etish, u umum manfaati yoʻlida tuzilgan erkin kishilarning mukammal ittifoqi" (Grotsiy), "Davlat huquqiy qonunlar himoyasida boʻlgan koʻpchilik odamlarning birlashmasidir" (Kant). Gʻarbiy yevropalik olim J. Boden "Davlat ichki va tashqi siyosatda mustaqildir", deyish bilan suverenitet, suveren hokimiyat haqidagi fikrni ilgari surgan. Fransuz mutafakkiri J.J. Russo esa suverenitet xalqniki degan edi. T. Gobbs bu xususda oʻzicha tavsif berib, suverenitet sohibi bir shaxs, davlat boshligʻi yoki bir necha kishilar boʻlishi mumkinligini eʼtirof etgan. U davlat zimmasiga "qoʻl ostidagilarga tinch-totuvlikni baxsh etish, ular xavfsizligini taʼminlash yuklatiladi", deb yozgan. Davlat haqidagi nazariyalar qanchalik xilma-xil boʻlmasin, davlatning hamma yerda tashkil topish va rivojlana borish jarayoni oʻz yoʻli bilan kechdi.


Developed by StudentB