Davlat tili

Davlat tili — muayyan mamlakatda qonun chiqarish, ijroiya va sud hokimiyatlarida ish yuritish uchun rasmiy belgilangan til. Odatda, koʻp millatli mamlakatlarda, mas, Hindiston, Kanada, Shveysariyada qaysi til yoki tillar rasmiy ekanligi konstitutsiyalarida belgilab qoʻyilgan. Davlatlarning koʻpchiligida rasmiy til bilan davlat tili aynan bir xildir. Faqat ayrim mamlakatlardagina rasmiy til davlat tili maqomidan farqlanadi. Mas, Shveysariyada konstitutsiyaga binoan nemis, fransuz, italyan tillari — rasmiy til; nemis, fransuz, italyan va retoroman tillari — davlat tili sanaladi.

Oʻzbekistonda shoʻrolar hukmronligi paytida davlat tili haqida umuman gapirish ham mumkin boʻlmagan, aksincha oʻzbek tilining ijtimoiy hayotda qoʻllanishi tobora cheklanib qolgandi. Jamiyatni qayta qurish maʼnaviy poklanishni boshlab berdi. Uning natijasi oʻlaroq "Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida"gi qonun qabul qilindi (1989-yil 21 oktyabr). Bu qonun oʻzbek xalqi milliy ongining rivojlanishida, mamlakat mustaqilligi mustahkamlanishida, madaniy merosning tiklanishida muhim rol oʻynadi. Mazkur qonun qoidalari Oʻzbekiston Konstitutsiyasida mustahkamlab qoʻyildi. Konstitutsiyaning 4-moddasiga binoan Oʻzbekistonda davlat tili — oʻzbek tilidir. Qoraqalpogʻistonda bunday maqom qoraqalpoq tiliga ham berilgan. Mamlakatda yuz berayotgan real jarayonlar va imkoniyatlarni hisobga olib, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini uzil-kesil joriy etishni bosqichma bosqich amalga oshirib borish vazifasi til islohoti bilan bogʻliq masalalarga zarur tuzatishlar kiritish ehtiyojini tugʻdirdi, respublika hali sobiq Ittifoq tarkibida boʻlgan va madaniy-maʼnaviy sohada oʻziga xoslikni mustahkamlashga intilgan bir sharoitda qabul qilingan davlat tili haqidagi qonunning koʻpgina moddalariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritishni taqozo etdi. Natijada 1995-yil 22 dekabrda Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqidagi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. Oʻzbek tilining Oʻzbekiston Respublikasi hududida davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslari ushbu qonun va b. qonunlar bilan belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasida davlat tilini oʻrganish uchun barcha fuqarolarga shart-sharoit yaratiladi hamda millatlar va elatlarning tillariga izzat-hurmat bilan munosabatda boʻlish, ularning rivojlanishi taʼminlanadi. Davlat tilini oʻqitish bepul amalga oshiriladi (4-modda). Davlat tiliga yoki boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qarash taqiqlanadi. Fuqarolarning oʻzaro muomala, tarbiya va taʼlim olish tilini erkin tanlash huquqini amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar (24-modda). Mamlakatda demokratik, baynalmilal tamoyillarga rioya qilinib, har bir millat va elatning erkin rivojlanishi, ularning til mustaqilligi va tengligi taʼminlangan. Taʼlimtarbiya ishlari oʻzbek tilidan tashqari tojik, rus, qozoq, koreys, turkman, qirgʻiz tillarida ham amalga oshiriladi. Milliy markazlarning faoliyati uchun yetarli imkoniyat yaratilgan. Shaxsga millati, irqi, tili, urf-odat va anʼanalariga qarab biror imtiyoz berish yoki shu vajdan huquqlarini cheklash javobgarlikka sabab boʻladi.


Developed by StudentB