Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Kollaps (lot. collapsus — behol, majolsiz) — toʻsatdan keskin roʻy beradigan qon tomirlar yetishmovchiligi, kishi hayotini xavf ostida keltiradigan ogʻir holat; arterial va venoz qonbosimining keskin kamayishi, markaziy nerv sistemasi faoliyatining izdan chiqishi, moddalar almashinuvining buzilishi, qon tomirlar devori tonusining toʻsatdan susayishi, harakatdagi qon miqdori (massasi)ning kamayishi bilan ifodalanadi. Bosh miyadagi tomir harakatlanuvchi markaz faoliyatining susayishi sababli, asosan, qorin boʻshligʻidagi aʼzolar tomirlari qonga toʻlib ketadi, ayni vaqtda eng muhim hayotiy aʼzolar (miya, yurak, teri, muskullar)ga qon kam boradi. Birdaniga koʻp qon yoʻqotish, shok, kislorod tanqisligi, infeksion va boshqa ayrim kasalliklar (terlama, zotiljam, pankreatit va hokazo), zaharlanish, shikastlanish va boshqalarda roʻy beradi, shunga koʻra, K.ning gemorragik, gipokse-mik, infeksion kardiogen, ortostatik, pankreatik, toksik va boshqa turlari farq qilinadi. Belgilari: daqiqa ichida bemorning toʻsatdan rangi oʻchib, badani koʻkaradi, sovuq ter bosadi, koʻzi ich-ichiga tushib, qorachigʻi kengayadi, yuz qiyofasi oʻzgaradi, nafasi yuzaki boʻladi. Qon bosimi keskin pa-sayib, tomir urishi butunlay sezilmay qolishi ham mumkin. Gavda temperaturasi 35° ga, baʼzan undan ham pastga toʻshadi. Bemor majolsiz, esi kirar-chiqar boʻlib qoladi, ayrim hollarda hushdan ketadi. K.da darhol vrach chaqiriladi, u kelguncha bemor boshiga yostiq qoʻymay yotqiziladi, oyogʻiga grelka qoʻyiladi, issiq choy ichiriladi, u yotgan uyga sof havo kirib turadigan qilinadi. Davo tadbirlari K.ga sabab boʻlgan omillarni bartaraf etishga qaratilgan boʻlishi lozim. Oʻz vaqtida koʻrsatilgan yordam yaxshi naf beradi.[1]