Leksika (yun. lexis – soʻzga oid, lugʻaviy) – tildagi barcha soʻzlar va iboralar yigʻindisi, tilning lugʻat tarkibi. Leksika maʼlum qonun-qoidaga boʻysunuvchi izchil va murakkab tizimdan iborat. Til Leksikasi toʻxtovsiz oʻzgarib turadi. Bu narsa lugʻat tarkibida yangi soʻzlarning paydo boʻlishi, mavjud soʻzlardan ayrimlarining eskirib, isteʼmoldan chiqishi, leksik maʼnosini oʻzgartirib, yangi maʼno kasb etishi kabi jarayonlarda koʻrinadi. Jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy tuzumning oʻzgarishi bilan uzviy bogʻlangan holda Leksika boyib boradi. 20-asrda barcha xalqlar qatori oʻzbek xalqi Leksikasi ham tezlik bilan oʻsib, taraqqiy etdi. Oʻzbek tili leksikasiga baynalmilal soʻzlar keng koʻlamda kirib keldi. Buning ustiga fan va turli sohalar terminologiyasi ham toʻxtovsiz oʻsib bormoqda. Oʻzbek tili Leksikasida oʻz va oʻzlashgan qatlam, shuningdek, oʻz qatlam tarkibida umumturkiy soʻzlar va ulardan yasalgan oʻzbekcha soʻzlar mavjud. Oʻzlashma qatlam tarkibida forscha, arabcha, ruscha-baynalmilal soʻzlar bor. Oʻzbek tili Leksikasi zamonaviyligi jihatdan 3 asosiy qatlamga boʻlinadi: 1) zamonaviy qatlam – eskilik va yangilik boʻyogʻiga ega boʻlmagan soʻzlar. Shu qatlamga oid soʻzlar oʻzbek tili Leksikasining asosini tashkil qiladi; 2) eski qatlam – hozirda ham isteʼmolda boʻlgan istorizmlar, arxaizmlar bu qatlamga kiradi; 3) yangi qatlam – yangi Leksika deb ham yuritiladi. Lugʻaviy birliklar ishlatilish doirasi jihatdan 2 qatlamga ajratiladi: 1) ishlatilish doirasi chegaralanmagan soʻzlar. Maʼnosi shu tilda soʻzlovchilar uchun tushunarli va umumqoʻllanish xususiyatiga ega boʻlgan soʻzlar umumisteʼmoldagi chegaralanmagan Leksika sanaladi; 2) ishlatilish doirasi chegaralangan soʻzlar – til lugʻat tarkibining ajralmas qismi boʻlib, uning tarkibiga dialektal, terminologii kasb-hunar Leksikasi, ilmiy atamalar, jargon va argolar, vulgarizm va varvarizmlar kiradi. Lugʻaviy birliklar nutq koʻrinishlari jihatdan adabiy va soʻzlashuv nutqiga xoslangan boʻladi. Leksika termini biror muallif yoki asar Leksika si kabi tor maʼnoda ham qoʻllanadi: misol uchun: Navoiy Leksikasi, „Oʻtgan kunlar“ romani Leksika Ad.: Tursunov U., Muxtorov J,, Rahmatullayev Sh., Hozirgi oʻzbek adabiy tili, T., 1965. Bozorboy Oʻrinboyev.[1]