Melburn — Avstraliyaning janubisharqiy qismidagi shahar. Viktoriya shtatining maʼmuriy markazi. Port-Fillip qoʻltigʻi sohilida. Aholisi 3,4 mln. kishi (1999); aholisining soni boʻyicha mamlakatda Sidneydan keyin 2-oʻrinda. Shaharga 19-asrning 30-yillarida asos solingan va Buyuk Britaniya bosh vaziri nomi bilan Melburn deb atalgan. 1901—27 yillarda Avstraliya Ittifoqi poytaxti.
Melburn — mamlakatning muhim sanoat, savdomoliya va madaniyat markazi. Transport yoʻllari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Mamlakatning eng katta porti (yillik yuk ortib-tushirish 20 mln. t); chetga gʻalla, un, goʻsht, jun, meva chiqariladi, chetdan fosforit, neft keltiriladi. Sanoatining yetakchi tarmoqlari: kemasozlik va kema taʼmirlash, avtomobilsozlik, stanoksozlik, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, toʻqimachilik, oziqovqat va koʻn-poyabzal. Neftni qayta ishlash, harbiy zavodlar bor. Shahar yaqinida qoʻngʻir koʻmir qazib chiqariladi. Universitet, Viktoriya Milliy muzeyi, Milliy galereya, Viktoriya kutubxonasi, konservatoriya, rasadxona, botanika bogʻi va boshqa bor. Melburnda 1956-yilda 16-Olimpiya oʻyinlari boʻlib oʻtgan.[1]