Musulmon huquqi

Musulmon huquqi - jahondagi asosiy huquqiy tizimdlardan biri (kontinental va anglosakson huquq tizimlari bilan bir qatorda). Arab xalifaligida 7—10-asrlarda yuzaga kelgan Musulmon huquqining asosiy mohiyatini islom talablaridan kelib chiqadigan, musulmonlarning oʻzaro muomala va axloq qoidalari hamda ularni buzganliklari uchun qoʻllaniladigan (odatda, diniy ruxdagi) jazolar tashkil etadi (qarang Shariat). Qur'on, sunna, ijmo, qiyos, urf-odat Musulmon huquqining asosiy manbalari hisoblanadi. Musulmon huquqi faqat musulmonlar oʻrtasidagi munosabatlarda amal qiladi. Birok, musulmonlar aholining asosiy koʻpchiligini tashkil etgan Osiyo va Afrika mamlakatlarida ham Musulmon huquqining mavqei kuchli boʻlishiga karamay, u yangi ijtimoiy munosabatlarni hisobga olgan holda qonun va odatlar bilan toʻldirilib kelingan. Shuning uchun diniy Musulmon huquqi bilan musulmon davlatlari huquqini farqlash lozim. 1869— 1877 yillarda Musulmon huquqining majburiyat va pro-sessual normalari kodifikatsiyalash asosida, Usmonli turk imperiyasida fuqaroviy kodeks vazifasini bajargan al-Majalla eʼlon qilindi. Musulmon huquqi Turkiyada 1926, Livanda 1932, Suriyada 1949, Iroqda 1951-yilgacha amalda boʻldi. Bu kodeksning taʼsiri qisman Iordaniya, Isroil va Kiprda ham saqlangan. 19-asrning 2-yarmidan boshlab musulmon mamlakatlarida Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarining huquqidan foydalanish asosida jinoyat, savdo, protsessual va boshqa kodekslar qabul qilindi. M.x,. oila, meros va boshqa munosabatlarni tartibga solishda muhim oʻrin tutadi. Musulmon huquqining bu tarmoqlarini kodekslash MAP, Suriya, Iroq, Iordaniya, Tunis, Marokash, Hindiston, Pokiston va boshqa mamlakatlarda maxsus qonunlar qabul qilish shaklida amalga oshirilmoqda. Ayrim arab mamlakatlarida, Hindiston, Pokiston, Indoneziya va boshqa musulmonlarning shaxsiy maqomi (statuti) masalalari yuzasidan (ayrim masalalar boʻyicha musulmon boʻlmaganlarga nisbatan ham) kodekslashtirilgan Musulmon huquqining taʼsiri saqlanib qolgan. Bir qancha arab mamlakatlarining konstitutsiyalarida Musulmon huquqi qonunchilikning asosi hisoblanib, fuqarolik huquqi va boshqa sohalarda uni qoʻllashga ruxsat etiladi; bu mamlakatlarda shariat asosida ish koʻradigan sudlar saqlangan. Sharqiy va Markaziy Afrikadagi ayrim mamlakatlarda Musulmon huquqi oddiy huquq tarzida qoʻllanadi.

Aʼzamjon Rahmonov.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Developed by StudentB