Muzey (qadimgi yunoncha: μουσεῖον, musion — „muzalarga bagʻishlangan joy“) — tarixiy, moddiy va maʼnaviy yodgorliklarni toʻplash, saqlash, oʻrganish va targʻib qilish ishlarini amalga oshiruvchi ilmiy, ilmiy-maʼrifiy muassasa. Muzey xazinasida, asosan, moddiy va tasviriy narsalar, shuningdek, sanʼat asarlari jamlanadi, shu bilan birga yozma manbalar (qadimdan hozirgi davrgacha boʻlgan tarixiy qimmatga ega qoʻlyozmalar, bosma hujjatlar, kitoblar) saqlanadi.