Bu maqola vikilashtirilishi kerak. |
Portret (fr. portrait, eski fransuzchadan portraire – „chiziq yoki chegarani aks ettirmoq“, parsuna – lot. persona – „shaxs; kishi“) – inson obrazining tasviriy sanʼatdagi eng murakkab janri hisoblanadi.
Portret (frans. portrait – tasvir) – 1) tasviriy sanʼat janri; real hayotda mavjud boʻlgan yakka, ikki yoki bir guruh kishilar, rassom tasavvurida paydo boʻlgan xayoliy qiyofalarning tasviri. Rang-tasvir, Haykaltaroshlik, Grafika, shuningdek, Fotografiya sanʼatining muhim janrlaridan biri. Portret asosida aniq shaxsning qiyofasini abadiylashtirish mumkin. Uning muhim tomoni tasvirning tasvirlanuvchi (model, asli)ga aynan oʻxshashligidir. Ijodkor portret orqali tasvirlanuvchi shaxsning maʼnaviy dunyosini, ijtimoiy hayotdagi oʻrnini, kasbi, jamiyatdagi mavqeini aks ettiradi va uning shu jihatlari orqali davr xususiyati, siyosiy iqtisodiy ahvol haqida maʼlumot bera oladi. Rassomning kasbiy mahorati, portret ishlash uchun tanlagan materiallari esa uning yaratgan asarlariga takrorlanmas oʻziga xoslik baxsh etadi. Tarixan portretning xilma-xil tur va koʻrinishlari shakllangan: ishlanish usuli, bajaradigan vazifasi, shakli, mazmuniga koʻra, dastgoh (kartina, byust, grafika varagʻi) va monumental (xaykal, freska, mozaika), tantanavor parad va intim, xajviy, satirik portret tarzida tasvirlanuvchining faqat bosh qismi, beligacha, butun boʻybasti bilan old va yon tomonidan ishlanishi mumkin. Shuningdek, turli tarixiy davrlarda nishon, tanga, medallar yuzasiga (medal yasash sanʼati) ishlangan, gemma (gliptika), medalionlarda miniatura portret keng tarqalgan. Bu janrdagi bir asarda koʻpincha bir necha janrlar qoʻshilishi mumkin. Unda tasvirlanuvchi sof holda (zaminsiz, yaʼni atrof muhitni aks ettirmasdan), tinch holatda yoki biror faoliyati bilan maʼlum muhitda ishlanishi mumkin. Shu tufayli shartli ravishda uni portret va prtret-kartina (janrli)ga ajratiladi. Uning keng tarqalgan turlaridan biri – avtoportret. Tasvirlanayotgan kishilar soniga koʻra, yakka, qoʻshaloq va guruh portretlarga boʻlinadi.