Saroy (qasr)

Saroy — dastlab hukmdorlar qarorgohi boʻlib xizmat qilgan hashamatli ulkan bino, qasr. Keyinchalik turli serhasham hovlili binolar ham saroy nomini olgan. Qadimgi Misrda ilk podsholik davridayoq (mil. av. 3000 yillik) firʼavnlar oʻz xonadonlari uchun saroysimon binolar, serhasham ibodatxona saroylari qurilishiga ahamiyat berganlar. Mesopotamiya va Bobildagi saroylar qatʼiy loyiha asosida mahobatli qilib qurilgan, koshinlar bilan bezatilib, osma bogʻlari boʻlgan. Arab mamlakatlari, Eronda, Xitoy (Imperator saroyi), Yaponiyada ham saroylarning dabdabali boʻlishiga ahamiyat berilgan.

Yevropada oʻrta asr shahar-respublikalari rivojlanishi bilan maʼmuriy boshqarish organlari hamda mansabdorlar saroylari paydo boʻldi. Italiyada Siyenadagi Publiko palatssosi (1297—1310), Venetsiyada Dojlar saroyi, Ispaniyada Alhumro saroyi shular jumlasidandir. Din arboblari ham oʻzlari uchun saroylar qurdirdilar (Orviyetoda papa saroyi. XIII asr, Rossiyada patriarx va arxiyereylar saroylari). XV—XVI asrlardagi mahobatli saroylar keng ichki hovlilari, kutubxonalari, devoriy bezaklari va noyob narsalar saqlanadigan zallari bilan shaharning butun bir qismini egallagan. Bu turdagi saroylar qirol, imperator saroylarining shakllanishiga kuchli taʼsir koʻrsatgan (Madrid yaqinidagi Eskorial, XVI asr; Parijdagi Luvr, XVI—XVIII asrlar. Bu davr saroylari mujassamotining harakterli xususiyati anfiladalarida, tarzi kolonnadalar bilan bezatilishida, bino bilan muhitni bogʻlovchi rizalitlarda koʻrinadi.

Markaziy Osiyo saroy meʼmorligi oʻziga xos uslubda bunyod etilganligi bilan ajralib turadi. Tuproq qalʼadagi saroyning 300 ga yaqin xonalari, keng tantanavor zallari, qabulxonalari, xazinaxonalari boʻlgan. Bapaxuia, Afrosiyob, Xolchayon saroy bezaklarida tasviriy sanʼat asarlari, haykalchalar, oʻyma naqshlar va rangbarang devoriy rasmlar ishlangan. Amir Temur hukmronligi davrida (XIV asr) qurilgan Shahrisabzdagi Oqsaroy, Samarqanddagi Boʻstonsaroy, Koʻksaroy hamda Amir Temur bogʻlaridagi koʻplab saroylarning meʼmoriy tuzilishi, ulardagi serhasham bezaklar oʻziga xos nafisligi bilan ajralib turgan. Buxoro arki, Koʻxna ark, Qoʻqon oʻrdasi va boshqa xon saroylarining meʼmoriy shaklida Samarqand, Fargʻona meʼmoriy maktablari uslublari oʻz ifodasini topgan. Ularda xalq ustalarining qurish anʼanalari, naqshinkorlik bezaklari milliy uslublar namoyon boʻlgan. Sitorai Mohi Xosa, Nurillaboy saroyi, Romanov saroyida Yevropa va milliy meʼmorlik oʻzaro uygʻunlashgan. XIX asr oxiri — XX asr boshlarida koʻhna saroy binolaridan muzey, kutubxona, dam olish uylari sifatida foydalanilgan.

Oʻrta asrlarda Sharqda karvonlar toʻxtab oʻtadigan rabot (karvonsaroy); zamonaviy meʼmorlikda muayyan maqsadda bunyod boʻlgan muhim inshootlar (madaniyat saroylari va uylari, kinokonsert, nikoh uylari, sport saroylari va boshqalar). Oʻzbekistonda Sanʼat saroyi, Xalqlar doʻstligi saroyi shunday inshootlardandir.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Developed by StudentB