Shahar qishloqqa nisbatan katta va doimiy aholi punktidir. Koʻp shaharlarga mahalliy qonunchilik alohida maʼmuriy, qonuniy yoki tarixiy mavqeʼ beradi.
Masalan, Oʻzbekistonning Toshkent shahri viloyat va viloyat markazlaridan alohida mavqeʼga ega. Yevropada esa tarixan shahar sifatida oʻz sobori bor har qanday aholi punkti qaralgan.
Shaharlar odatda murakkab sanitariya, yoʻl va koʻcha, turar-joy hamda transport tizimiga ega boʻladi. Aholisi soni milliondan oshadigan shaharlar megapolis deyiladi; shahar oʻsib, boshqa shaharlarga yetsa va ularni oʻziga qoʻshib olsa, bu shahar megalopolisga aylanadi.
Shahar — aholisi, asosan, sanoat, savdo, shuningdek, xizmat koʻrsatish, boshqaruv, fan va madaniyat sohalarida band boʻlgan yirik aholi manzilgohi. Shahar — bevosita qishloq xoʻjaligi bilan band boʻlmagan aholi toʻplangan markaz. Shahar atrofidagi tumanlar uchun maʼmuriy va madaniy markaz boʻlibgina qolmay, balki ularning joylashishi va oʻsishiga ham katta taʼsir koʻrsatuvchi omil hamdir. Aholi punktlariga Shahar maqomi berilishi uchun aholi soni, bajaradigan funksiyasi: sanoat ishlab chiqarish, tashkiliy-xoʻjalik, madaniy-siyosiy, maʼmuriy va hokazo bosh mezon boʻlib hisoblanadi. Aholi manzilgohlarini Shahar toifasiga oʻtkazish maʼlum qonuniy tartibda amalga oshiriladi va chegarasi belgilanadi. Turli mamlakatlarda Shahar maqomini olish mezoni turlicha, mas, Daniya va Ispaniyada aholi soni 250 kishi, Gruziya va Turkmanistonda 5 ming, Tojikiston va Qirgʻizistonda 10 ming, Rossiyada 5—12 ming, Yaponiyada 25 ming kishi boʻlishi kerak. Oʻzbekistonda 7 mingdan yuqori boʻlishi talab etiladi. Aholi soniga koʻra, Shaharlar kichik (50 minggacha), oʻrta (50—100 ming) va katta (100 mingdan ortiq) boʻladi. Oʻzbekistonda 120 shahar, 113 ta shaharcha bor. Shundan 17 tasi katta shaharlar (Toshkent, Samarqand, Namangan, Andijon, Buxoro, Qoʻqon, Fargʻona, Nukus, Qarshi, Urganch, Olmaliq, Angren, Chirchiq, Navoiy, Margʻilon, Termiz, Jizzax), 16 tasi oʻrta va qolganlari kichik shaharlar. Shaharlar bajaradigan vazifalariga koʻra — poytaxt, sanoat, transport, turizm, rekreatsiya, din, fan va ilmiy tekshirish markazlariga boʻlinadi. Shuningdek, respublikaga boʻysunuvchi, muxtor respublika, viloyat, tumanlarga boʻysunuvchi Shaharlarga ajratiladi.
Shahar aholisi butun jahon aholisining 47,5% dan ortigʻini tashkil etadi. BMTda qabul qilingan terminologiyaga muvofiq, 8 mln. va undan ortiq aholisi boʻlgan Shaharlar — megashahar deb yuritiladi. Bunday Shaharlar Yer yuzida 1950-yilda 2 ta, 1995-yilda 22 ta, hozirgi kunda 25 dan ortiq. Bir yoki ikki Shahar atrofida Shahar va shaharchalarning zich joylashishi Shaharlar aglomeratsiyasi deyiladi. Eng yirik Shahar aglomeratsiyalari: Tokio, Nyu-York, Mumbay, Shanxay, Mexiko, San-Paulo va boshqalar Oʻzbekistonda Toshkent, Fargʻona — Margʻilon, Samarqand, Andijon, Namangan va boshqalar Shahar aglomeratsiyalari shakllanmoqda. Bir necha Shahar aglomeratsiyalari qoʻshilib, megalapolis yoki megapolislarni tashkil qiladi. Hozirgi Bosvash, Tokaydo va boshqalar megapolislar bor. Baʼzan yirik Shaharlar yonida yoʻldosh shaharlar vujudga keladi.