Sulaymon ibodatxonasi (Birinchi maʼbad nomi bilan ham mashhur) (ivritcha: בֵּית-הַמִּקְדָּשׁ הָרִאשׁוֹן — „Maʼbadning birinchi uyii“) — Quddusda joylashgan qadimiy ibodatxona boʻlib, Muqaddas Bibliyaga koʻra, shoh Sulaymon davrida (shartli ravishda miloddan avvalgi X asrda) qurilgan. Miloddan avvalgi 587/586-yillarda Bobil shohi Navuxodonosor II tomonidan vayron qilingan[1]. Garchi bugungi kunda koʻpchilik olimlar Bobil qamali paytida Maʼbad togʻida ibodatxona mavjud boʻlgan degan fikrga qoʻshilishsa-da, uning qurilgan sanasi va qurdirgan shaxs nomi muhokamaga sabab boʻlmoqda[2].
Bibliyaning „Shohlar kitobi“ qismida ibodatxona qurilishi haqida batafsil maʼlumotlar keltirilgan. Unda aytilishicha, podshoh Sulaymon ibodatxonani derazasiz bunyod ettirgan[3]. Ibodatxonaga kirish juda cheklangan boʻlgan, yiliga bir marta mamlakatning oliy ruhoniysi Yom Kipur bayramida qurbonlik qilish uchun u yerga kirgan[3]. Maʼbad nafaqat ibodat qilish uchun diniy bino, balki Bani Isroilning yigʻilish joyi sifatida ham xizmat qilgan[4]. Maʼbadning vayron boʻlishi va yahudiylarning Bobilga surgun qilinishi Bibliyadagi bashoratlarning amalga oshishi sifatida qaraladi. Bobil surgunligi davri yahudiylarning politeistik yahveizmdan monoteistik iudaizmga oʻtishlarini tezlashtirgan deb taxmin qilinadi[4].
Dastlab koʻplab olimlar Bibliyada keltirilgan podshoh Sulaymon tomonidan maʼbad qurilishi haqidagi hikoyani haqiqiy deb qabul qilishgan, ammo 1980-yillarda muqaddas manbalar matni va arxeologik maʼlumotlarga shubha bilan yondashish baʼzi olimlarni Quddusda miloddan avvalgi X asrda biron bir ibodatxona qurilganiga ishonmaslikni keltirib chiqardi[5]. Ayrim olimlarning fikricha, shoh Sulaymonning asl ibodatxonasi kamtarona boʻlgan va keyingi shohlar davrida kengroq oʻlchamda qayta qurilgan[6]. Hozirgi Isroildagi Xirbet Qiyofa hamda Gʻarbiy Quddusda olib borilgan qazishma ishlari natijasida Bibliyada keltirilgan shoh Sulaymon qurdirgan inshoot borligi tasdiqlandi.