Viloyat

Viloyat — maʼmuriy-hududiy birlik. Oʻrta asrlardan maʼlum. Sharqning ayrim mamlakatlari (Afgʻoniston, Turkiya va boshqa), shuningdek Oʻrta Osiyo xonliklari viloyatlarga boʻlingan. 1924-yil shoʻrolar oʻtkazgan milliy-davlat chegaralanishi arafasida Turkiston ASSR 6 viloyat — Sirdaryo, Samarqand, Fargʻona, Zakaspiy (Turkmaniston), Yettisuv, Amudaryo viloyatlari, bir qancha uyezd va volostlardan tashkil topgandi. XXSR esa 3 viloyat va Xiva tumaniga, BXSR 15 viloyatga boʻlingandi. Viloyat oʻz navbatida tumanlarga, tuman esa keshlarga boʻlingan. 1925-yil 13-yanvardan uyezd deb yuritila boshladi. Keyinchalk ruscha „oblast“ nomi bilan qayta tashkil etildi. Oʻzbek tili davlat tiliga aylanishi munosabati bilan tarixiy maʼmuriy-hududiy birlik nomi sifatida „Viloyat“ soʻzi qayta tiklandi.

Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi (1992) Konstitutsiyasida (68-modda) Oʻzbekistan Respublikasi viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasidan iboratligi mustahkamlab qoʻyilgan. Hozir Oʻzbekiston Respublikasida 12 viloyat bor. Viloyatlar, oʻz navbatida, tumanlarga boʻlinadi. Viloyatlar chegaralarini oʻzgartirish, shuningdek yangi viloyatlar tashkil qilish, ularni tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi roziligi bilan amalga oshiriladi. Viloyatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi boʻyicha hokim boshchilik qiladigan xalq deputatlari kengashi hokimiyatning vakillik organidir. Bu kengash davlat va fuqarolarning manfaatlarini koʻzlab, oʻz vakolatiga taalluqli masalalarni hal etadi. Viloyat xalq deputatlari kengashi va viloyat hokimlarining vakolat muddati — 5 yil. Viloyat hokimlari Prezident tomonidan tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi hamda viloyat xalq deputatlari kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Viloyat hokimlari oʻz vakolatlarini yakkaboshchilik asoslarida amalga oshiradi, oʻzlari rahbarlik qilayotgan organning qarorlari va faoliyati uchun shaxsan javobgardir.


Developed by StudentB