Xusrav — Sharqda anʼanaviy badiiy obraz. X. dastlab 6-asrda pahdaviy tilida yaratilgan "Xusrav va Ridak" asarida uchraydi. Asar axloqiytaʼlimiy xarakterga ega boʻlib, unda musiqa, xattotlik, insho, oʻq otish, chovganbozlik, kurash, shatranj va nard oʻyinlarini egallagan yosh yigitning hojasi Xusrav bilan savoljavoblari tasvirlangan. X.ning prototipi sosoniylar shahanshohi Xusrav II Parvizdir. X. Firdavsiy "Shohnoma"si qahramonlaridan biri hisoblanadi. Nizomiy Ganjaviyning "Xusrav va Shirin" dostonida u mukammal badiiy obraz darajasiga koʻtarilgan. Shundan soʻng bu obraz Yaqin va Oʻrta Sharq hamda Hindiston xalqlarining ogʻzaki ijodi, yozma adabiyotidan keng oʻrin olgan. Hatto X. Tabariy, Johiz, Balʼamiy, Saolibiy singari olimlar asarlarida ham ijobiy obraz sifatida tasvirlangan. Keyinchalik X. obrazi Xusrav Dehlaviyning "Xusrav va Shirin" (13-asr), Alisher Navoiyning "Farhod va Shirin" (15-asr), Hotifiyning "Xusrav va Shirin" (16-asr), Vahshiy Bafqiyning "Farhod va Shirin", (16-asr), Ruhilaminning "Xusrav va Shirin" (17-asr) singari asarlarida ham keng tasvirlangan.
Garchi Nizomiy X.ni haqiqiy oshiq sifatida tasvirlasada, undagi xudbinlik, maishatparastlik, davlatni boshqarishdagi oʻzboshimchalikni qattiq qoralaydi. Navoiy X.ni boskinchi, zolim, xudbin shoh sifatida tasvirlagan va qoralagan. Xurshidning "Farhod va Shirin" (1948), Samad Vurgʻunning "Farhod va Shirin" (1942), Nozim Hikmatning "Ishq qissasi" (1948), M. Tursunzoda va A. Dehotiylarning "Xusrav va Shirin" (1936), G. Ptitsinning "Xusrav va Shirin" (1939) dramalarida ham X. obrazi mavjud.