Yassaviylik — tasavvufdagi tariqatlardan biri. Asoschisi Ahmad Yassaviy. 12-asrda Oʻrta Osiyoda paydo boʻlgan. Ya. taʼlimotiga koʻra, komil murshid (shayx)ning zimmasidagi birinchi vazifa oliy insoniy sifatlarni oʻzida mujassam etish, shariat ilmini mukammal egallab, soʻng muridlarni ortidan ergashtirishga erishishdir. Ya.ka koʻra, murid quyidagi talablarga rioya qilishi zarur: biror kishini oʻz murshididan ustun qoʻymasligi va unga mutlaq ehtirom bilan bogʻlanishi; zikr va idrok sohibi boʻlishi, ustozining ramzi va ishoratlarini oson ilgʻashi; soʻzda toʻgʻri, vaʼdaga vafodor boʻlishi; ustozining amr, taklif, vaʼz va nasihatlarini nazardan soqit etmay kamolga intilishi. Haziniyning "Javohir ulabror" asarida Ya.ning asoslari quyidagicha qayd qilingan: tavhidga asoslangan tasavvufiy tushunchalar; shariat va paygʻambarning sunnatiga mutlaq bogʻliqlik; shariatga tayangan tariqat; riyozat va mushohada; xilvat va zikr. Ya.da ilmmaʼrifat egallash, himmat va saxovat tuygʻularini kamol toptirish, nafsga qarshi kurashda sobit boʻlish, halol mehnat bilan rizq topishga alohida ahamiyat berilgan. Ya. zikri jahriyga asoslanilgan. Tasavvuf taʼlimotiga koʻra, insonning asl vatani mutlaq borliq. Inson shu borliqda paydo boʻlgan, oʻsha muqaddas borliqqa qaytmogʻi muqarrar. Shu bois haqiqiy sufiy vatan va vatanparvarlik borasida tor tushunchaga berilmasligi kerak. Ya. koʻplab olim, shoir va davlat arboblari qalbini zabt aylagan. U faqat Movarounnahrda emas, balki Xuroson, Ozarbayjon, Turkiyada ham keng tarqalgan.